Asosiy tushunchalar

BIRJA — oldindan belgilangan joyda va ma’lum vaqtda belgilangan qoidalar asosida birja savdolarining tashkilotchisi bo‘lgan yuridik shaxs.

BIRJA BITIMI — birja tomonidan qayd etilgan birja savdosi natijasi bo‘yicha tuzilgan, birja tomonidan ro‘yxatga olingan birja tovarining oldi-sotdi shartnomasi.

BIRJA KOTIROVKA VARAG‘I — birja savdolariga qo‘yilgan, oldindan ko‘zdan kechirishni talab qilmaydigan, sifat ko‘rsatkichlari o‘zgarmasligi va birja bitimlari tuzishning doimiyligi bilan tavsiflanadigan muayyan turdagi tovarlar ro‘yxati.

BIRJA TOVARI — belgilangan tartibda birja savdolariga qo‘yilgan, muayyan tur va sifatga ega bo‘lgan tovar, shu jumladan, hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) hisoblanadi. Yer, yer osti boyliklari, suv, boshqa tabiiy resurslar, madaniy meros va intellektual mulk obyektlari, ishlar va xizmatlar, yakka tartibda belgilangan ashyolar, ko‘chmas mulk, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolik muomalasidan chiqarilgan mol-mulk birja tovari bo‘lishi mumkin emas.

BIRJA SAVDOSI — birja savdosi qoidalariga muvofiq birja tomonidan tashkil etiladigan birja tovari savdosi. Birja savdolari birjaning barcha a’zolariga bir vaqtning o‘zida ushbu savdolarda ishtirok etish imkoniyati berilgan holda birjada markazlashtirilgan holda elektron shaklda o‘tkaziladi.

BROKER — mijozning topshirig‘iga binoan va uning hisobidan birja bitimlarini tuzuvchi birja a’zosi.

DILER — o‘z nomidan va o‘z hisobidan birja bitimlarini tuzuvchi birja a’zosi.

MARKET-MEYKER — birja tovarlariga narx, talab va taklif darajasini ushlab turish uchun birja bitimlarini tuzish majburiyatini olgan diler.

BIRJA A’ZOLARI — birja tomonidan belgilangan tartibda dilerlar, market-meykerlar va brokerlar sifatida birja savdolarida ishtirok etish va birja bitimlarini tuzish huquqini olgan yuridik shaxslardir.