Farg‘ona va Nonsan agrotexnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona va Nonsan agrotexnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreyaning Nonsan shahri qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar, mahsulotlarni qayta ishlash va innovatsiyalar sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Chxunchxon-Namdo provinsiyasi Nonsan meri Bek Son Xyon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Qishloq xo‘jaligi va sanoat zamonaviy texnologiyalar yordamida rivojlanayotgan Nonsan tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Shahar Janubiy Koreyada qulupnay yetishtirish bilan mashhur bo‘lib, mahsulot yetishtirish, agrotexnologiyalarni joriy etish, qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va tayyor mahsulotlarni targ‘ib qilishni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvdan foydalanadi.
2027-yilda Nonsanda Butunjahon qulupnay sanoati ko‘rgazmasi Nonsan World Strawberry Industry Expo bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ishtirokchilari shahar tajribasi Farg‘ona viloyati uchun katta qiziqish uyg‘otishini ta’kidladilar.
Tomonlar Farg‘ona viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyatini Nonsan texnologiyalari bilan birlashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy issiqxona va intensiv yetishtirish usullarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, tomonlar universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Nonsan tajribasi faqat qishloq xo‘jaligi bilan cheklanmaydi. Shaharda iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va turizmni birlashtirgan yondashuv amalga oshirilmoqda. Yangi iqtisodiy strategiya doirasida mudofaa sanoati, sun’iy intellekt va ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari (R&D) ham rivojlanmoqda.

Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, sanoat va qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish chora-tadbirlari haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki hudud tadbirkorlari va tegishli tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tashriflarni tashkil etish va istiqbolli tashabbuslardan aniq loyihalarga o‘tish zarurligini ta’kidladilar.

Tomonlar "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.

← Barcha yangiliklar